aholini joylashtirish tizimi – fazoviy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa aloqalarni optimallashtirish asosida birlashgan, tabiiy ravishda shakllangan yoki maqsadli shakllantiriladigan aholi punktlari tarmog‘i.
arxitektura faoliyati – loyihaoldi (investitsiyaoldi) va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, mualliflik nazoratini amalga oshirish faoliyati.
arxitektura loyihasi – loyiha hujjatlarini ikki bosqichda ishlab chiqishda tayyorlanadigan, loyihaoldi (investitsiyaoldi) hujjatlari, shuningdek loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, obyektni barpo etish, rekonstruksiya qilish, buzish, ta’mirlash-restavratsiya ishlariga ruxsat beruvchi hujjatlar (bundan buyon – qurilishga ruxsat beruvchi hujjatlar) qarorlarini amalga oshirishni ta’minlaydigan loyiha hujjatlari.
arxitektura, shaharsozlik va qurilish faoliyati sohasidagi jamoatchilik muhokamasi (bundan buyon – jamoatchilik muhokamasi) – jamoatchilik muhokamasi tashkilotchisi tomonidan o‘tkaziladigan, yuridik va jismoniy shaxslarni ishlab chiqilgan shaharsozlik loyihasi, qurilish obyektining arxitektura-rejalashtirish konsepsiyasi haqida xabardor qilishni hamda jamoatchilik muhokamasi ishtirokchilariga ushbu loyiha, konsepsiyadagi qarorlarga o‘z munosabatini bildirish imkoniyatini ta’minlaydigan tadbirlar majmui.
barpo etish – natijasida obyekt yaratiladigan ishlar va tashkiliy-texnik tadbirlar majmui.
bosh loyihachi – loyiha hujjatlari to‘plami bo‘limlarining o‘zaro muvofiqlashtirilishini, jumladan o‘z majburiyatlarining ayrimlarini bajarish uchun subpudratchilarni jalb qilish orqali ta’minlaydigan loyiha hujjatlarini ishlab chiquvchi.
bosh pudratchi – o‘z majburiyatlarining ayrimlarini bajarish uchun boshqa yuridik shaxslar va (yoki) yakka tartibdagi tadbirkorlarni ular bilan shartnomalar tuzish orqali jalb qiladigan qurilish faoliyatidagi pudratchi.
buyurtmachi – shartnomalar asosida pudratchini majburiy jalb qilgan holda, muhandisni (injiniring tashkilotini) jalb qilib yoki jalb qilmasdan qurilish faoliyatini amalga oshiradigan yuridik yoki jismoniy shaxs.
buzish – qurilish maydonchasini qurilish yoki foydalanish jarayonidagi obyektlardan, ularning qismlaridan ularni vayron qilish, qismlarga ajratish va (yoki) konstruksiyalarni demontaj qilish yo‘li bilan bo‘shatish.
davlat qurilish ekspertizasi eksperti (bundan buyon – ekspert) – davlat qurilish ekspertizasi ijrochisi tomonidan tayinlangan va (yoki) jalb qilingan, arxitektura, shaharsozlik va qurilish faoliyatining tegishli yo‘nalishi bo‘yicha kompetentlik sertifikati bilan tasdiqlangan zarur maxsus bilim, tajriba va malakaga ega bo‘lgan, davlat qurilish ekspertizasi obyektining uning predmetiga muvofiqligini baholaydigan va davlat qurilish ekspertizasi xulosasini tuzadigan manfaatdor bo‘lmagan jismoniy shaxs.
davlat qurilish ekspertizasi ijrochisi – ariza beruvchining murojaatiga ko‘ra davlat qurilish ekspertizasini o‘tkazadigan davlat qurilish ekspertizasi organi.
davlat qurilish ekspertizasi obyekti – davlat qurilish ekspertizasidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan shaharsozlik loyihasi, loyiha hujjatlari, shu jumladan ularga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan.
davlat qurilish ekspertizasi predmeti – arxitektura, shaharsozlik va qurilish faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning talablari, shu jumladan texnik normativ-huquqiy hujjatlarning rioya etilishi majburiy bo‘lgan talablari; davlat qurilish ekspertizasi obyekti ularga muvofiqligi bo‘yicha baholanadi.
davlat qurilish ekspertizasi uchun ariza beruvchi – davlat qurilish ekspertizasi organiga davlat qurilish ekspertizasini o‘tkazish va davlat qurilish ekspertizasi xulosasini berish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilgan buyurtmachi, quruvchi, injiniring xizmatlarini ko‘rsatayotgan muhandis (injiniring tashkiloti).
ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot – muhandislik va transport infratuzilmasi obyektlaridan foydalanish va ularga xizmat ko‘rsatish (ishga layoqatliligini ta’minlash) maqsadida tashkil etilgan ixtisoslashgan tashkilot.
hudud – yashash muhitining bir yoki bir nechta elementlariga ega bo‘lgan, arxitektura, shaharsozlik va qurilish faoliyatini amalga oshirish uchun mo‘ljallangan, aholi punktlari hududlarini, aholi punktlari o‘rtasida, ularning chegaralaridan tashqarida joylashgan hududlarni (bundan buyon – aholi punktlararo hududlar) va qurilish yoki boshqa foydalanish uchun mo‘ljallangan hududlarni o‘z ichiga olgan chegaralangan makon.
hududlarni zonalashtirish – shaharsozlik (hududiy) rejalashtirishda aholi punktlari va boshqa ma’muriy-hududiy birliklar hududlaridan ustuvor funksional foydalanishga ko‘ra belgilangan hududiy zonalarni shaharsozlik reglamentlarini o‘rnatgan holda ajratish.
ijro hujjatlari – loyiha hujjatlarida belgilangan ishlar tugallanishi bilan loyiha qarorlarining amalda bajarilishini hamda obyektlar va ularning qismlarining haqiqiy holatini aks ettiruvchi hujjatlar majmui (ijro chizmalari, ijro s’yomkalari va o‘lchamlari sxemalari, qidiruv ishlari natijalari, yashirin ishlar dalolatnomalari, ishlarni bajarish jurnallari va boshqa hujjatlar).
ijtimoiy infratuzilma – ijtimoiy va maishiy vazifadagi obyektlar, ularning qismlari, shu jumladan ta’lim, madaniyat, sog‘liqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport tizimi tashkilotlari obyektlari, savdo obyektlari, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat ko‘rsatish, uy-joy kommunal xo‘jaligi obyektlari, ularning qismlari va jismoniy shaxslarning hayot faoliyatini ta’minlaydigan boshqa obyektlar.
ijtimoiy infratuzilmaning minimal zarur obyektlari – maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari obyektlari, sog‘liqni saqlash tashkilotlari (dorixonalar va ambulator sharoitda tibbiy yordam ko‘rsatadigan tashkilotlar obyektlari), pochta aloqasi obyektlari, savdo obyektlari va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari.
ishga tushirish majmuasi – loyiha hujjatlarida belgilangan, asosiy vazifadagi obyektga xizmat ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan, mustaqil ravishda foydalanilishi va boshqa narsalar qatori undan xavfsiz foydalanishni ta’minlashi mumkin bo‘lgan obyekt qismi.
ishlab chiqarish infratuzilmasi – tovarlarni ishlab chiqarish, saqlash va sotishni, ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatishni ta’minlaydigan ishlab chiqarish obyektlari, jumladan muhandislik va transport kommunikatsiyalari.
ishlab chiqarish nazorati tizimi – qurilishda ishlarni bajarishning, qurilish materiallari, qurilish buyumlari va qurilish konstruksiyalarini ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida o‘tkaziladigan, yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning majburiy muvofiqlikni tasdiqlashdan o‘tkazilmaydigan ishlarni bajarish, qurilish materiallari, qurilish buyumlari va qurilish konstruksiyalarini ishlab chiqarish qobiliyatini tasdiqlovchi tashkiliy-texnik tadbirlar majmui.
joriy ta’mirlash – eskirishning oldini olish, shikastlanishlar va nosozliklarni bartaraf etish, obyektning estetik sifatlarini yaxshilash bo‘yicha, jumladan yangi materiallar va texnologiyalarni qo‘llagan holda bajariladigan qurilish-montaj, ishga tushirish-sozlash ishlari va tashkiliy-texnik tadbirlar majmui.
kapital imorat (bino, inshoot) – yer bilan mustahkam bog‘langan yoki yer osti bo‘lgan, uning yaxlitligiga va (yoki) funksional vazifasiga zarar yetkazmasdan ko‘chirish mumkin bo‘lmagan imorat (bino, inshoot).
kapital ta’mirlash – obyektning foydalanish jarayonida yo‘qotilgan texnik, foydalanish va iste’mol sifatlarini tiklash bo‘yicha alohida konstruksiyalar, detallar, muhandislik-texnik jihozlarni tiklash (kuchaytirish), yaxshilash va (yoki) almashtirish yo‘li bilan, jumladan yangi materiallar va texnologiyalarni qo‘llagan holda bajariladigan qurilish-montaj, ishga tushirish-sozlash ishlari va tashkiliy-texnik tadbirlar majmui.
ko‘cha-yo‘l tarmog‘i – aholi punktlari hududlarining bir qismi bo‘lgan, transport vositalari va piyodalar harakati, qurilishni tartibga solish va muhandislik kommunikatsiyalarini yotqizish, shuningdek aholi punktlari hududlari o‘rtasida transport va piyodalar aloqalarini ta’minlash uchun mo‘ljallangan transport infratuzilmasi obyekti.
loyiha hujjatlari – rasmiylashtirishga qo‘yiladigan belgilangan talablarga javob beradigan, obyektni barpo etish, rekonstruksiya qilish, modernizatsiya, texnik modernizatsiya, kapital ta’mirlash, buzish uchun asos bo‘ladigan hamda arxitektura loyihasi va (yoki) qurilish loyihasidan, shuningdek moddiy tarixiy-madaniy boyliklarda ta’mirlash-restavratsiya ishlarini bajarish uchun ilmiy-loyiha hujjatlaridan (bundan buyon – ilmiy-loyiha hujjatlari) iborat bo‘lgan o‘zaro bog‘langan loyiha hujjatlari.
loyiha hujjatlarini ishlab chiqishdagi subpudratchi – arxitektura faoliyatining ayrim turlarini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan, bosh loyihachi bilan loyiha hujjatlarining ayrim bo‘limlarini (qismlarini), loyiha ishlarining turlarini (bosqichlarini) bajarish va (yoki) loyiha hujjatlarining ayrim bo‘limlari (qismlari), loyiha va qidiruv ishlarining turlari (bosqichlari) bo‘yicha mualliflik nazoratini amalga oshirish to‘g‘risida subpudrat shartnomasini tuzgan yuridik shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor.
loyiha hujjatlarini ishlab chiquvchi – buyurtmachi, quruvchi tomonidan loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun jalb qilinadigan va ushbu turdagi faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan yuridik shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor.
loyiha hujjatlarining respublika fondi – loyiha hujjatlari nusxalari to‘plamlarining tizimlashtirilgan jamlanmasi (namunaviy loyihalar, takroran qo‘llash uchun tavsiya etilgan loyihalar, namunaviy qurilish konstruksiyalari, qurilish buyumlari, qurilish uzellari hujjatlari, individual ishlab chiqilgan loyiha hujjatlari).
loyihaoldi (investitsiyaoldi) hujjatlari – investor, buyurtmachi, quruvchi tomonidan obyekt qurilishi bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish, investitsiya g‘oyasiga tuzatish kiritish yoki investitsiya loyihasini keyingi amalga oshirishdan voz kechish to‘g‘risida qaror qabul qilinishidan oldin o‘tkaziladigan investitsiyaoldi tadqiqotlari natijalari haqidagi hujjatlar to‘plami.
magistral muhandislik infratuzilmasi – resurslarni turar joy mavzelaridagi (kvartallaridagi) hamda ko‘p xonadonli, bir xonadonli, blokli turar joy uylariga taalluqli bo‘lmagan obyektlar (bundan buyon – boshqa obyektlar) quriladigan hududlardagi hisobga olish va taqsimlash joylariga tranzit tarzida yetkazib beradigan, shuningdek turar joy mavzelaridan (kvartallaridan) va boshqa obyektlar quriladigan hududlardan foydalanilgan resurslarni olib ketadigan muhandislik tarmoqlari, kapital imoratlar (binolar, inshootlar), ularning qismlari, alohida xonalar va boshqa obyektlar.
modernizatsiya – obyektlar, muhandislik va transport kommunikatsiyalari, ularning qismlari va (yoki) elementlarining iste’mol sifatlarini oshirish, foydalanish ko‘rsatkichlarini texnik normativ-huquqiy hujjatlarning rioya etilishi majburiy bo‘lgan talablari darajasiga keltirish bilan bog‘liq qurilish-montaj ishlari (jumladan obyektlar va ularning qismlarida yangi muhandislik tizimlari va jihozlarini o‘rnatish, obyektlarning vazifasini o‘zgartirmasdan ularning mavjud gabaritlarida to‘siq devorlarni ko‘chirish va (yoki) o‘rnatish, muhandislik va transport kommunikatsiyalari), ishga tushirish-sozlash ishlari va tashkiliy-texnik tadbirlar majmui.
mualliflik nazorati – loyiha hujjatlarini ishlab chiquvchining qurilish jarayonida loyiha hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan nazorati.
muhandis (injiniring tashkiloti) – buyurtmachi, quruvchi tomonidan injiniring xizmatlarini ko‘rsatish uchun jalb qilinadigan yuridik shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor.
muhandislik infratuzilmasi – iste’mol obyektlariga resurslarni (suv, energiya, axborot va boshqa resurslar) yetkazib berishni va zarur hollarda foydalanilgan resurslarni olib ketishni ta’minlaydigan muhandislik tarmoqlari va boshqa obyektlar, ularning qismlari, alohida xonalar majmui.
namunaviy loyiha – Arxitektura va qurilish vazirligi tomonidan ko‘p marta qo‘llash maqsadida tasdiqlangan, qurilish maydonchasining muhandislik-geologik sharoitlari, muhandislik va transport infratuzilmasi, qurilish materiallari, qurilish konstruksiyalari va jihozlarni tanlash, texnik normativ-huquqiy hujjatlar talablarini hisobga olgan holda aniq obyekt uchun loyiha hujjatlarini, jumladan smeta hujjatlarini (smetani) ishlab chiqishga asos bo‘ladigan loyiha hujjatlari.
namunaviy qurilish konstruksiyalari, qurilish buyumlari, qurilish uzellari hujjatlari – ishlab chiqilgan analoglar orasidan tanlab olingan yoki qurilishda ko‘p marta qo‘llash uchun maxsus ishlab chiqilgan obyektlarning qurilish konstruksiyalari, qurilish buyumlari, qurilish uzellariga oid loyiha hujjatlari tizimi.
obodonlashtirish – obyektni foydalanishga yaroqli holatga keltirish, aholi hayot faoliyati uchun qulay sharoit yaratish, to‘laqonli va estetik jihatdan ifodali yashash muhitini shakllantirish maqsadida qurilish maydonchasida bajariladigan ishlar va tashkiliy-texnik tadbirlar majmui.
obyekt va uning qismining texnik holati – tekshiruv paytida obyekt va uning qismining texnik normativ-huquqiy hujjatlarning rioya etilishi majburiy bo‘lgan talablariga va loyiha hujjatlariga muvofiqlik darajasini tavsiflovchi xususiyatlar majmui.
obyekt va uning qismlarining eskirishi – vaqt o‘tishi bilan obyekt va uning qismlari foydalanish sifatlari ko‘rsatkichlarining yomonlashish jarayoni.
obyekt va uning qismlarining shikastlanishi – tabiiy-iqlimiy, mexanik, kimyoviy yoki boshqa ta’sirlar natijasida yuzaga keladigan nuqson.
obyektga texnik xizmat ko‘rsatish – obyekt va uning qismini foydalanish jarayonida kichik nosozliklarni bartaraf etish, belgilangan parametrlar va ish rejimlarini ta’minlash, muhandislik tizimlarini sozlash va rostlash, bahor-yoz va kuz-qish davrlariga tayyorgarlik ishlarini bajarish orqali tegishli texnik holatda saqlash bo‘yicha tashkiliy-texnik tadbirlar majmui.
obyektlarni qurish uchun analog obyektlarning respublika ma’lumotlar banki – obyektlarning har bir obyekt uchun individual va ko‘pchilik uchun o‘rtacha bo‘lgan hajmiy-rejaviy, muhandislik-texnik va texnologik yechimlari, qiymat va boshqa ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga olgan ma’lumotlar bazasini qamrab oluvchi tashkiliy-texnik tizim.
obyektlarni ulushli qurishda quruvchi – ulushli qurilish obyektlarini o‘z kuchi bilan va (yoki) ulushli qurilish obyektini yaratish shartnomalarini tuzish orqali uchinchi shaxslarni jalb qilgan holda qurish uchun ulushdorlarning pul mablag‘larini jalb qiladigan yuridik shaxs.
obyektning hayotiy sikli – qidiruv ishlari, loyihaoldi (investitsiyaoldi) va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, obyektni barpo etish, tugallanmagan qurilish obyektini konservatsiya qilish, foydalanish, ta’mirlash, rekonstruksiya, modernizatsiya, texnik modernizatsiya, obyektni buzish bajariladigan davr.
pudratchi – qurilish faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan va ushbu faoliyatni amalga oshirish maqsadida buyurtmachi, quruvchi, muhandis (injiniring tashkiloti) bilan qurilish pudrati shartnomasini tuzgan yuridik shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor.
qidiruv ishlari – arxitektura, shaharsozlik va qurilish faoliyatini hududlar (akvatoriyalar)ning tabiiy va texnogen sharoitlarini kompleks o‘rganish natijalari bilan ta’minlashga qaratilgan muhandislik qidiruvlari. Qidiruv ishlari arxitektura, shaharsozlik va qurilish faoliyatining barcha bosqichlarida bajariladi.
qizil chiziqlar – aholi punktlarida umumiy foydalanishdagi yerlarni qurilish yoki bosh rejalashtirish shaharsozlik loyihasida nazarda tutilgan boshqa foydalanish uchun mo‘ljallangan hududlardan ajratish uchun batafsil rejalashtirish shaharsozlik loyihasida belgilangan shartli chiziqlar.
qurilish buyumi – obyekt va uning qismi qurilish konstruksiyasining elementi sifatida qo‘llash uchun mo‘ljallangan buyum.
qurilish faoliyati (qurilish) – obyektni barpo etish, rekonstruksiya qilish, modernizatsiya, texnik modernizatsiya, ta’mirlash, buzish, ta’mirlash-restavratsiya ishlari va barcha turdagi jihozlarni montaj qilish, tugallanmagan qurilish obyektini konservatsiya qilishda qidiruv ishlarini bajarish, qurilishga ruxsat beruvchi hujjatlarni tayyorlash, injiniring xizmatlarini ko‘rsatish, qurilish maydonchasida (obyektda) ishga tushirish-sozlash, qurilish-montaj va boshqa ishlarni bajarish faoliyati.
qurilish konstruksiyasi – obyektning muayyan yuk ko‘taruvchi, to‘siq, ochiq holda esa estetik vazifalarni bajaradigan qismi.
qurilish loyihasi – loyihaoldi (investitsiyaoldi) hujjatlari, tasdiqlangan arxitektura loyihasi va (yoki) obyekt bo‘yicha texnik yechimlarning qurilish-montaj, ishga tushirish-sozlash ishlarini bajarish, qurilishni jihozlar, qurilish buyumlari va qurilish materiallari bilan ta’minlash uchun zarur bo‘lgan qarorlarini amalga oshirishni ta’minlaydigan loyiha hujjatlari.
qurilish materiali – qurilish konstruksiyalarini yaratish va qurilish buyumlarini tayyorlash, shuningdek obyekt va uning qismining himoya-pardozlash qoplamalarini bajarish uchun mo‘ljallangan material.
qurilish maydonchasi – obyektni qurish va (yoki) unga xizmat ko‘rsatish uchun ajratilgan yer uchastkasi, shu jumladan unda joylashgan ko‘chmas mulk obyektlari, konservatsiya qilinmagan tugallanmagan qurilish obyektlari bilan, qurilish faoliyati amalga oshiriladigan obyektlar va ularning qismlari.
qurilish navbati – loyiha hujjatlarida belgilangan, mustaqil ravishda foydalanilishi va boshqa narsalar qatori obyektdan xavfsiz foydalanishni, mahsulot ishlab chiqarishni, xizmatlar ko‘rsatishni ta’minlashi mumkin bo‘lgan, zarur hollarda undan ishga tushirish majmualari ajratilishi mumkin bo‘lgan obyekt qismi.
qurilish obyekti – barpo etilayotgan kapital imorat (bino, inshoot), shuningdek arxitektura va (yoki) shaharsozlik va (yoki) qurilish faoliyati amalga oshiriladigan kapital imorat (bino, inshoot), shu jumladan chiziqli inshootlar (yo‘llar, ko‘cha-yo‘l tarmog‘i elementlari, temir yo‘llar, metropolitenlar, elektr uzatish liniyalari, aloqa liniyalari, quvurlar, kanallar), ularning qismlari, muhandislik va transport kommunikatsiyalari, ularning qismlari, tugallanmagan qurilish obyektlari, ta’mirlash-restavratsiya ishlari bajariladigan ko‘chmas moddiy tarixiy-madaniy boyliklar.
qurilish obyektining arxitektura-rejalashtirish konsepsiyasi – qurilish obyektining (bundan buyon, agar boshqacha belgilanmagan bo‘lsa, – obyekt) joylashuvi, fizik parametrlari va estetik sifatlari haqida yaqqol tasavvur beradigan, asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari ko‘rsatilgan, loyihaoldi (investitsiyaoldi) bosqichida ishlab chiqiladigan eskiz.
qurilish-montaj ishlari – obyektni barpo etish, rekonstruksiya qilish, modernizatsiya, texnik modernizatsiya, ta’mirlash, buzish, ta’mirlash-restavratsiya ishlari va barcha turdagi jihozlarni montaj qilish, tugallanmagan qurilish obyektini konservatsiya qilishda qurilish maydonchasida (obyektda) bajariladigan ishlar.
qurilishga ruxsat beruvchi hujjatlar – mahalliy ijro etuvchi va boshqaruvchi organlar tomonidan ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda buyurtmachiga, quruvchiga, qurilish faoliyatini kompleks boshqarish bo‘yicha injiniring xizmatlari ko‘rsatish shartnomasi tuzilganda esa muhandisga (injiniring tashkilotiga) beriladigan hujjatlar.
qurilishni tartibga solish chiziqlari – aholi punktlarida obyektlar joylashtirilishi lozim bo‘lgan hududlarni boshqa hududlardan ajratish uchun batafsil rejalashtirish shaharsozlik loyihasida belgilangan shartli chiziqlar.
qurilishni to‘xtatib turish – qurilish faoliyatidagi texnologik tanaffuslar bilan bog‘liq bo‘lmagan holatlar sababli qurilish-montaj ishlarini bajarishni vaqtincha to‘xtatish; u qurilish pudrati shartnomasini majburiy bekor qilishga olib kelmaydi.
quruvchi – qurilish faoliyatini moliyalashtiradigan, shuningdek o‘z ehtiyojlari uchun obyektlarni mustaqil ravishda muhandisni (injiniring tashkilotini) jalb qilgan holda, ishlarning ayrim turlarini bajarish uchun shartnomalar asosida pudratchini jalb qilib yoki jalb qilmasdan quradigan yuridik yoki jismoniy shaxs.
rekonstruksiya – obyektdan yangi vazifada foydalanishga qaratilgan va (yoki) uning asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari va parametrlarining o‘zgarishi bilan bog‘liq qurilish-montaj, ishga tushirish-sozlash ishlari va tashkiliy-texnik tadbirlar majmui; magistral muhandislik infratuzilmasi, taqsimlovchi muhandislik infratuzilmasi, transport infratuzilmasi va ulardagi inshootlar uchun – ularning o‘tkazish qobiliyati, yo‘nalishi va (yoki) joylashgan joyining o‘zgarishi (ularning uchastkalarini almashtirish).
rekreatsiya va sog‘lomlashtirish obyektlari – rekreatsiya, sog‘lomlashtirish, dam olish uchun mo‘ljallangan ko‘chmas mulk obyektlari, turistik zonalar, shuningdek suv obyektlarining rekreatsiya zonalari (plyajlar).
smeta hujjatlari (smeta) – loyiha hujjatlari tarkibiga kiradigan, obyekt va (yoki) qurilish navbati, ishga tushirish majmuasi qurilishi uchun zarur pul mablag‘lari miqdorini belgilaydigan o‘zaro bog‘langan hujjatlar.
subpudratchi – qurilish faoliyatining ayrim turlarini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan, bosh pudratchi bilan qurilish-montaj ishlarining ayrim turlarini bajarish to‘g‘risida subpudrat shartnomasini tuzgan yuridik shaxs, yakka tartibdagi tadbirkor.
takroran qo‘llash uchun tavsiya etilgan loyiha – texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari namunaviy iste’mol sifatlari va ijtimoiy standartlarga javob beradigan turar joy uylari, ijtimoiy-madaniy, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi va kommunal-maishiy obyektlarni barpo etish uchun ishlab chiqilgan, Arxitektura va qurilish vazirligi tomonidan takroran qo‘llash uchun tavsiya etilgan loyiha hujjatlari.
taqsimlovchi muhandislik infratuzilmasi – resurslarni ularni hisobga olish va taqsimlash joyidan turar joy mavzesidagi (kvartalidagi), boshqa obyektlar quriladigan hududlardagi aniq iste’mol obyektlari joylashgan uchastkalargacha taqsimlashni ta’minlaydigan muhandislik tarmoqlari, kapital imoratlar (binolar, inshootlar), ularning qismlari, alohida xonalar va boshqa obyektlar.
taqsimlovchi transport infratuzilmasi – mahalliy ahamiyatdagi ko‘chalar va ularda joylashgan transport inshootlari.
tashkiliy-texnik tadbirlar – obyekt qurilishini tashkil etishga qaratilgan va texnik normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq obyektda ishlarning xavfsiz bajarilishini ta’minlaydigan tadbirlar majmui.
ta’mirlash – obyektning foydalanish jarayonida yo‘qotilgan texnik, foydalanish, iste’mol sifatlarini tiklash va estetik sifatlarini yaxshilash, shikastlanishlar va nosozliklarni bartaraf etish, uning eskirishining oldini olish bo‘yicha rekonstruksiyaga taalluqli bo‘lmagan, jumladan yangi materiallar va texnologiyalarni qo‘llagan holda bajariladigan qurilish-montaj, ishga tushirish-sozlash ishlari va tashkiliy-texnik tadbirlar majmui.
ta’mirlash-restavratsiya ishlari – ko‘chmas moddiy tarixiy-madaniy boyliklarni saqlab qolishni ta’minlash maqsadida ilmiy-loyiha hujjatlari asosida, madaniyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan xususiyatlar va talablarni hisobga olgan holda ularda bajariladigan ishlar va tadbirlar majmui.
texnik modernizatsiya – obyektdagi texnologik jihozlarni almashtirish, jumladan jihozlar ostiga yuk ko‘taruvchi asoslarni qurish, ushbu obyekt chegaralarida alohida muhandislik tizimlarini yotqizish yoki almashtirish, to‘siq devorlarni o‘rnatish, pardozlash va obyekt konstruksiyalarining yuk ko‘tarish qobiliyati doirasida texnologik jihozlarning ishlashi bilan bog‘liq boshqa hamroh ishlarni bajarish bilan, undan xavfsiz foydalanishni ta’minlagan holda.
texnik nazorat – bajarilayotgan ishlar, qo‘llanilayotgan qurilish materiallari, qurilish buyumlari, qurilish konstruksiyalarining texnik normativ-huquqiy hujjatlarning rioya etilishi majburiy bo‘lgan talablariga va loyiha hujjatlariga muvofiqligi ustidan nazorat.
transport infratuzilmasi – transport vositalari, piyodalar harakati, yo‘lovchilar, bagaj va yuklarni, jumladan mahsulotlarni tashish, transport vositalaridan foydalanish, ularni saqlash, ularga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlashni ta’minlash uchun mo‘ljallangan transport kommunikatsiyalari va inshootlari majmui.
tugallanmagan qurilish obyektini konservatsiya qilish – qurilishi ketma-ket uch oydan ortiq muddatga to‘xtatilgan yoki to‘xtatib turilgan tugallanmagan qurilish obyektining saqlanishini ta’minlashga qaratilgan, konservatsiya to‘g‘risidagi qabul qilingan qaror asosida bajariladigan ishlar va tashkiliy-texnik tadbirlar majmui.
turar joy mavzesi (kvartali) – aholi punkti hududining ko‘p xonadonli, bir xonadonli, blokli turar joy uylari qurilishi uchun ajratilgan va tegishli muhandislik va ijtimoiy infratuzilma obyektlari bilan ta’minlangan qismi. Turar joy mavzesi (kvartali) chegaralari shaharsozlik loyihasi bilan belgilanadi.
ulushdor – obyektlarni ulushli qurishda quruvchi bilan ulushli qurilish obyektini yaratish shartnomasini tuzgan yuridik yoki jismoniy shaxs.
ulushli qurilish obyekti – qurilish obyektining ko‘p xonadonli yoki blokli turar joy uyidagi turar joy va (yoki) noturar joy binolaridan, bir xonadonli turar joy uyidan va (yoki) boshqa ko‘chmas mulk obyektlarining qismlaridan iborat bo‘lgan, qonun hujjatlariga muvofiq ularga to‘g‘ri keladigan muhandislik va transport infratuzilmasi, hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ulushini hisobga olgan holda, qurilishi ulushli qurilish obyektini yaratish shartnomasida nazarda tutilgan va loyiha hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan qismi.
ulushli qurilishda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash – uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtojlar hisobida turgan jismoniy shaxslardan bo‘lgan ulushdorlarga turar joy binolarini qurishda qonun hujjatlariga muvofiq imtiyozli kreditlar, bir martalik subsidiyalar, kreditlardan foydalanganlik uchun foizlarning bir qismini to‘lash uchun subsidiyalar va kreditlar bo‘yicha asosiy qarzni so‘ndirish uchun subsidiyalar berish shaklida ko‘rsatiladigan yordam.
ulushli qurilishdagi qurilish obyekti – barpo etilayotgan bitta turar joy uyi (bir nechta turar joy uylari), unga taalluqli muhandislik va transport kommunikatsiyalari, boshqa obyektlar.
xavfsizlik deklaratsiyasi – buyurtmachi, quruvchi tomonidan barpo etilishi tugallangan obyekt bo‘yicha uni foydalanishga qabul qilishdan oldin, loyiha hujjatlarini ishlab chiquvchi tomonidan esa obyektni barpo etish loyiha hujjatlari bo‘yicha ular buyurtmachi, quruvchi tomonidan tasdiqlanishidan oldin qabul qilinadigan, texnik normativ-huquqiy hujjatlarning rioya etilishi majburiy bo‘lgan talablarida belgilangan xavfsizlik talablari ta’minlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
yakka tartibdagi turar joy mavzesi (kvartali) rejalashtirish loyihasi sxemasi – aholi punkti hududining yakka tartibda uy-joy qurish uchun belgilangan, maydoni 10 gektargacha bo‘lgan qismini rejalashtirish bo‘yicha cheklangan tarkibdagi hujjatlardan (chizmalar, sxemalar, dastlabki ma’lumotlar) iborat batafsil rejalashtirish shaharsozlik loyihasi.
yakka tartibdagi turar joy mavzesi (kvartali) – aholi punkti hududining bir xonadonli, blokli turar joy uylari va uy oldi hududidagi xo‘jalik imoratlari qurilishi uchun ajratilgan va tegishli muhandislik va ijtimoiy infratuzilma obyektlari bilan ta’minlangan qismi. Yakka tartibdagi turar joy mavzesi (kvartali) chegaralari shaharsozlik loyihasi, u bo‘lmaganda esa qurilish obyektining arxitektura-rejalashtirish konsepsiyasi bilan belgilanadi.
yer uchastkalarini muhandislik jihozlashning minimal zarur darajasini ta’minlaydigan muhandislik va transport infratuzilmasi – kapital imoratlar (binolar, inshootlar), ularning qismlari, elektr ta’minoti muhandislik tarmoqlari, suv ta’minoti tarmoqlari, ko‘cha-yo‘l tarmog‘i (qatnov qismi takomillashtirilgan qoplamali, piyodalar yo‘laklari qattiq qoplamali ko‘chalar).
shaharsozlik (hududiy) rejalashtirish – arxitektura, shaharsozlik va qurilish faoliyati sohasidagi davlat dasturlarini hamda shaharsozlik loyihalarini ishlab chiqish va tasdiqlash.
shaharsozlik faoliyati – hududlarning tarixiy-madaniy, tabiiy va boshqa xususiyatlarini hisobga olgan holda amalga oshiriladigan shaharsozlik (hududiy) rejalashtirish, obyektlarni joylashtirish va hududlarni qurish faoliyati.
shaharsozlik loyihalari va loyiha hujjatlarining davlat qurilish ekspertizasi (bundan buyon – davlat qurilish ekspertizasi) – davlat qurilish ekspertizasi obyektining uning predmetiga muvofiqligini baholash tartibi.
shaharsozlik loyihasi – ma’muriy-hududiy birliklar, aholi punktlari va ularning qismlari, boshqa hududlarning rivojlanishini shaharsozlik (hududiy) rejalashtirishda hududlardan foydalanish yo‘nalishlari va shartlarini belgilaydigan, matnli va grafik materiallardan iborat loyiha hujjatlari tizimi.
shaharsozlik loyihasini ishlab chiquvchi – buyurtmachi tomonidan shaharsozlik loyihasini ishlab chiqish uchun jalb qilinadigan va ushbu turdagi faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan yuridik shaxs.
shaharsozlik reglamenti – shaharsozlik loyihasida belgilangan va Belarus Respublikasi davlat shaharsozlik kadastrida (bundan buyon, agar boshqacha belgilanmagan bo‘lsa, – shaharsozlik kadastri) ro‘yxatga olingan hududlarni qurish va ulardan foydalanishga qo‘yiladigan talablar.